Qon quyish
From Wikipedia, the free encyclopedia
Qon quyish (gemotransfuziya) — davolash muolajasi; qon va uning tarkibiy qismlari (qon plazmasi, eritrotsitlar, leykotsitlar va trombotsitlar massasi)ni davo maqsadida bemor organizmiga quyish. Qadimda shifokorlar qon odamning hayot qobiliyatini oshiradi deb taxmin qilib, yoshartirish maqsadida, ruhiy kasalikka chalingan bemorlarni davolashda qoʻllashgan, lekin bunda qon quyish oʻrniga uni bemorga iliq holda ichirish tavsiya etilgan. Qon quyishga urinishlar ingliz olimi U.Garvey tomonidan yopiq qon aylanish sistemasining kashf etilishidan (1628-yil) soʻng boshlandi. XIX asrga kelib odamga faqat odam qonini quyish mumkinligi isbotlandi. Biroq qon quyish tibbiyot amaliyotiga XX asr boshlarida kishilarda qonning 4 gruppasi borligi aniqlangach retsipiyent (qon oluvchi) va donor qonining mos kelishi qonuniyatlari oʻrganilgandan soʻng joriy qilindi (Qon gruppalari). Donor qonining ivib qolishiga toʻsqinlik qiladigan va uni uzoq muddat saqlaydigan (konservatsiya) vositalarining topilishi qon quyishning yanada keng tarqalishiga imkon berdi.
Qon quyishda donordan olingan qon shuningdek, qon oʻrnini bosuvchi suyuqliklar ishlatiladi. Shok holatlari koʻp qon yoʻqotish bilan kechadigan operatsiyalar, ichki aʼzolardan (meʼda, oʻpka va boshqalar) qon ketganda, anemiya, yiringli jarayonlarda, kuyganda, zaharlanganda va boshqalarda qon quyiladi. Qonda eritrotsitlar miqdori kamaysa eritrotsitlar massasi, leykotsitlar kamayganda esa leykotsitlar massasi quyiladi. Qon bevosita (donordan retsipiyentga) va bilvosita (donordan olinib, konservantli flakonga solib qoʻyilgan qon ishlatiladi) periferik yoki katta venalarga tomchilatib, baʼzan koʻp qon yoʻqotilganda oqizib arteriyaga quyiladi; koʻpincha qon bilak venasidan yuboriladi. Qon quyishdan oldin donor va retsipiyentning qon gruppalari, rezus-faktori tekshiriladi. Qon quyishda retsipiyent bilan donorning qon gruppalari oʻzaro munosib boʻlishiga qatʼiy amal qilinadi. Amaliy transfiziologiya uchun AVO, Kp (rezus), Ke11 (Kell) va boshqa antigenlar muhim ahamiyatga ega. Qon quyish chogʻida bemorga quyilishi lozim boʻlgan miqdorni tezlikda quymasdan boʻlib-boʻlib (3 marotaba) yuboriladi, dastlab qonning ozroq miqdori tez yuborilib bir oz kutiladi, bemorda hech qanday noxushlik alomatlari paydo boʻlmasa muolaja davom ettiriladi. Qon quyish aseptika qoidalariga rioya qilgan holda vrach nazoratida bajariladi. Qon quyganda belda ogʻriq tursa, koʻngil aynisa, eshakemi toshsa qon quyish toʻxtatilib, bemor darhol adyolga oʻralib, unga issiq choy ichiriladi va shifokor buyurgan muolaja oʻtkaziladi[1].