Qayta tiklanadigan energiya
From Wikipedia, the free encyclopedia
Qayta tiklanadigan energiya vaqt oʻtishi bilan tabiiy ravishda toʻldiriladigan qayta tiklanadigan manbalardan toʻplangan energiyadir. U quyosh nuri, shamol, suv harakati va geotermal issiqlik kabi manbalarni oʻz ichiga oladi[2]. Koʻpgina qayta tiklanadigan energiya manbalari barqaror boʻlsa-da, baʼzilari barqaror emas. Misol uchun, baʼzi biomassa energiya manbalari hozirgi ekspluatatsiya jarayonida barqarorlik kasb etmaydi deb hisoblanadi[3][4]. Qayta tiklanadigan energiya koʻpincha elektr tarmogʻi, havo va suvni isitish va sovutish hamda mustaqil ravishda ishlaydigan energiya tizimlariga elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun energiya yaratib beradi.
2011-yildan 2021-yilgacha qayta tiklanadigan energiya global elektr taʼminoti tizimida 20 % dan 28 % gacha oʻsdi. Qazilma energiya 68 % dan 62 % gacha, yadroviy energiya esa 12 % dan 10 % gacha qisqardi. Gidroenergetikaning ulushi 16 % dan 15 % gacha kamaydi, quyosh va shamol energiyasi esa 2 % dan 10 % gacha oshdi. Biomassa va geotermal energiya 2 % dan 3 % gacha oʻsdi. 135 ta davlatda 3146 gigawattlar oʻrnatilgan boʻlsa, 156 ta davlat qayta tiklanadigan energiya sohasini tartibga soluvchi qonunlarni ishlab chiqqan[5][6].
Dunyo miqyosida qayta tiklanadigan energiya sanoati bilan bogʻliq 10 milliondan ortiq ish oʻrni mavjud. Ular orasida quyosh fotovoltaiklari qayta tiklanadigan energiya manbalarining eng yirik ish beruvchi tizimi hisoblanadi[7].Bugungi kunda qayta tiklanadigan energiya tizimlarida energiya ishlab chiqarish jarayoni anchagina tez va samarali ravishda amalga oshirilmoqda.Shu boisdan energiya narxi arzonlashmoqda va ularning umumiy energiya isteʼmolidagi ulushi ortib bormoqda[8]. Butun dunyo boʻylab yangi oʻrnatilgan elektr quvvatlarining katta qismi qayta tiklanadigan manbalar hisoblanadi[9]. Koʻpgina mamlakatlarda fotovoltaik quyosh energiyasi yoki shamoldan olinadigan energiya eng arzon elektr energiya manbaiga aylanib ulgurdi[10].
Dunyo boʻylab koʻpgina davlatlar qayta tiklanadigan energiya manbalariga ega.Qayta tiklanadigan energiya ularning umumiy energiya taʼminotining 20 % dan ortigʻini tashkil qiladi. Baʼzilari esa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasining yarmidan koʻprogʻini ishlab chiqaradi[11]. Bir necha mamlakatlar qayta tiklanadigan energiyadan foydalangan holda deyarli barcha elektr energiya resurslarini ishlab chiqarishmoqda[12]. Qayta tiklanadigan energiya milliy bozorlari 2020-yillarda va undan keyin ham kuchli oʻsishda davom etishi kutilmoqda[13]. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, 100 % qayta tiklanadigan energiyaga global oʻtish barcha sohalarda — energiya, issiqlik, transport- amalga oshirilishi mumkin va bu iqtisodiy jihatdan anchagina foydali hisoblanadi[14][15][16]. Qayta tiklanadigan energiya va energiya samaradorligini oshirish texnologiyalarini joriy etish sezilarli darajada energiya xavfsizligi, iqlim oʻzgarishi va iqtisodiyot sohalarida foyda keltiradi[17]. Biroq qayta tiklanadigan manbalarga qazilma yoqilgʻi subsidiyalari toʻsqinlik qilishi davom etmoqda[18]. Xalqaro jamoatchilik fikrini oʻrganish mobaynida quyosh energiyasi va shamol energiyasi kabi qayta tiklanadigan manbalar aholi ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli ekanligi isbotlangan[19][20].Shuning uchun Xalqaro Energetika agentligi 2021-yilda qayta tiklanadigan energiya manbalarini koʻpaytirish uchun koʻproq harakat qilish kerakligini va 2030-yilgacha bu manbalarni ishlab chiqarishni yiliga taxminan 12 % ga oshirishni taʼkidladi[21].
Qayta tiklanadigan energiya texnologiyalari loyihalari odatda keng koʻlamli boʻladi, lekin ular qishloqlar, chekka hududlar va energiya inson taraqqiyotida koʻpincha hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ham mos keladi[22]. Qayta tiklanadigan energiya texnologiyalarining aksariyati elektr energiyasi bilan taʼminlanganligi sababli, qayta tiklanadigan energiya koʻpincha elektrlashtirish atamasi bilan birga qoʻllaniladi[23][24]. 2021-yilda qayta tiklanadigan elektr energiyasi global oʻsishining deyarli yarmi Xitoy hissasiga toʻgʻri keldi[25].