Osmon mandati
From Wikipedia, the free encyclopedia
Osmon yorligʻi (xit. an’anaviy 天命, pinyin: Tiānmìng, pall.: T'ien-ming, so‘zma-so‘z: «Osmon irodasi») – Xitoy an’anaviy siyosiy madaniyatining asosiy tushunchalaridan biri bo‘lib, undan hukmron sulola faoliyatini qonuniylashtirish manbasi sifatida foydalanilgan. Ushbu ta’limotga koʻra, koinotning tabiiy tartibi va irodasini oʻzida mujassam etgan osmon (Tyan) Xitoyning adolatli hukmdori "Osmon o‘gʻli"ga yorliq bergan. Agar hukmdor agʻdarilsa, bu hukmdorning noloyiq ekani va yorliqdan mahrum boʻlgani belgisi sifatida talqin qilingan. Ochlik va suv toshqini kabi tabiiy ofatlar ilohiy jazo boʻlib, bu hukmdordan Osmonning noroziligi alomatlari boʻlgan, degan keng tarqalgan eʼtiqod boʻlgan. Shuning uchun ham katta ofatlardan soʻng koʻpincha qoʻzgʻolonlar boʻlib turgan, chunki odamlar bu ofatlarni Osmon yorligʻi buzilgani alomati deb bilgan[1].
Osmon yorligʻi qonuniy hukmdorning aslzodalar oilasida tugʻilishini talab qilmaydi. Buning oʻrniga u mamlakatni qanchalik yaxshi boshqara olishiga e’tibor qilingan. Han va Ming kabi Xitoy sulolalariga kelib chiqishi umumiy boʻlgan odamlar asos solgan. Ammo ular Osmon yorligʻini qoʻlga kiritgani uchun muvaffaqiyatga erishgan, deb hisoblangan. Konsepsiya qaysidir ma’noda qirollar ilohiy huquqining Yevropa konsepsiyasiga oʻxshab ketadi. Ammo Yevropa konsepsiyasidan farqli oʻlaroq, Xitoyda u hukmronlik qilish uchun soʻzsiz huquq bermaydi. Yorliqni saqlab qolish hukmdorlar va merosxoʻrlarining adolatli va qobiliyatli faoliyatiga bogʻliq.
Osmon yorligʻi tushunchasining ajralmas qismi adolatsiz hukmdorga qarshi isyon qilish huquqi edi. Xitoy faylasuflari va olimlari koʻpincha unga hukmdorning hokimiyatni suiiste’mol qilishini cheklash usuli sifatida qaragan. Xitoy tarixchilari muvaffaqiyatli qoʻzgʻolonni Osmon hukmdordan yorligʻini olib qoʻyishi dalili sifatida talqin qilgan. Xitoy tarixi davomida qashshoqlik va tabiiy ofatlar koʻpincha Osmon amaldagi hukmdorni adolatsiz deb hisoblagani va shu sabab uni almashtirish zarurligi alomati sifatida qabul qilingan.
“Osmon yorligʻi” tushunchasi birinchi marta Chjou sulolasi (miloddan avvalgi 1046–256-yillar) qirollarining hukmronligini qoʻllab-quvvatlash va oldingi Shan sulolasi (miloddan avvalgi 1600–1069-yillar) agʻdarilishini qonuniylashtirish uchun ishlatilgan. U Xitoyning butun tarixi davomida imperatorlarni, jumladan, Sin (1636-1912-yillar) kabi Han boʻlmagan sulolalar agʻdarib tashlashi va hokimiyati oʻrnatilishini qonuniylashtirish uchun qoʻllangan.