Yurak (lotincha: cor, grekcha: ϰαρδίαsardia) – konussimon shaklidagi ichi boʻsh muskulli organ boʻlib, yurak qon-tomir sistemasining markaziy organi boʻlgan organizmdagi qonni barcha aʼzo va toʻqimalarga haydab berish vazifasini bajaradigan, gistologiyasi jihatidan ancha murakkab tuzilgan organ[1]. U koʻkrak qafasidagi pastki koʻks oraligʻining oʻrta qismida joylashgan[1]. Yurak quyidagi morfologik qismlarga ajratiladi: yuqoriga va birmuncha orqa tomonga yoʻnalgan asosi (basis) hamda oldinga, pastga va chapga yoʻnalgan uchi (apex) farq qilinadi. Yurakning asos qismida uning negizini (ildizini) tashkil etuvchi yirik qon tomirlar joylashgan. Yurakning 3 ta yuza qismi bor: 1) old (toʻsh-qovurgʻa) yuzasi; 2) pastki (diafragmaga qaragan) yuzasi, hamda, 3) orqa (umurtqa yoki o‘pka) yuzasi hisoblanadi. Yurakning hajmi har bir odamda uning mushti kattaligidek boʻladi[2]. Bolalarning yuragi kattalarnikiga qaraganda koʻproq urib turadi va ularning tashqi koʻrinishi sharsimon shaklda, hamda, gorizontal holatda joylashgan boʻladi[3]. Yurakning oldingi yuzasida quyidagi yirik tomirlaming boshlanish qismlari yotadi; oʻngda va biroz orqaroqda yuqori kovak vena, undan oldinroqda va chap tomonda koʻtariluvchi aorta, yana ham chaproqda oʻpka arteriyasining oʻzani joylashgan[2]. Yurak anatomik jihatidan 4 kameradan tuzilgan boʻlib, ikkita boʻlmacha va ikkita qorinchaga boʻlinadi. Chap boʻlmacha va chap qorincha birgalikda „arterial yurak“ ni tashkil qiladi, sababi unda faqat arterial qon oqadi. U orqali oʻtadigan qon tomirlari „arteriya“ tomiri deya nomlanadi. Oʻng qorincha va oʻng boʻlmachada faqat venoz qon oqib oʻtganligi sabab „venoz yurak“ deyiladi. Yurak oʻz ish faoliyatini bajarish vaqtida ritmik ravishda qisqaradi va boʻshashadi. Yurakning qisqarilish holati sistola, boʻshashish holati esa diastola deb ataladi[1]. Yurak bir daqiqada oʻrtacha 70—74 marotoba urib turadi. Tibbiyotda bu koʻrsatgich 60—90 ta deb qabul qilingan[1].
Yurakning katta venasi, yurakning oʻrta venasi, yurakning kichik venasi, yurakning oldingi venalari, kichik venalar, chap qorincha orqa venasi, chap boʻlmachaning qiya venasi
16 yoshli qizning yugurishdan so'ng yurak urish holati, yurak urishi daqiqada 186 zarbani tashkil qilmoqda.
Faylga murojaat etishda muammo bormi? Qarang: Media.
Yurak toʻrt kamerali boʻlib, arteriya qoni vena qonidan batamon ajralgan[4]. Arteriya va vena qonning batamon ajralishi issiqlikning tanaga va toʻqimalarga bir xilda tarqalishiga sabab boʻladi.
Boshqa aʼzolardan farqli ravishda kasalliklar sababli sodir boʻladigan oʻlim holatlarining eng koʻpi yurak patologiyasi sabab sodir boʻladi, yaʼni yurak bilan bogʻliq patologiyalar oʻlim holati boʻyicha dunyo tibbiyotida birinchi oʻrinda turadi[5][6]. Yurak inson tana aʼzolari ichida organizmga taʼsir qiladigan salbiy omillarga nisbatan nishon aʼzolardan biri hisoblanadi. Yaʼni, agar organizmga tashqi yoki ichki salbiy omillar taʼsir qilsa dastlab bu omillar miya, buyrak, qon-tomirlar va yurak kabi nishon aʼzolarga taʼsir qiladi. Yurak bilan bogʻliq kasalliklar shuningdek turli yoshdagi odamlarda uchrashi boʻyicha ham birinchi oʻrinda turadi. Yurak kasalliklari kattalar bilan barobarida bolalar ham aziyat chekadi. Yurak bilan bogʻliq patologiyalarni davolashda yurakning qaysi funksiyasi buzilishini aniqlagan holda bartaraf etiladi. Yurakda kechadigan patologik oʻchoqlarni aniqlashda ultratovush tekshiruvi, elektrokardiografiya usuli yordamida yurakda sodir boʻladigan elektr, akustik va mexanik hodisalarni aniqlash orqali bartaraf etiladi. Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda uchraydigan kasalliklarning eng koʻpi aynan yurak bilan bogʻliq hisoblanadi[7].