Appenditsit
Appendiksning yalligʻlanishi / From Wikipedia, the free encyclopedia
Appenditsit — appendiks, yaʼni koʻrichak chuvalchangsimon oʻsimtasining nospetsifik yalligʻlanish kasalligi[3]. Kasallik belgilari odatda qorinning pastki oʻng tomonida ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish, ogʻiz qurishi va ishtahaning pasayishi koʻrinishida namoyon boʻladi. Biroq, taxminan 40 % holatlarda bunday tipik belgilar paydo boʻlmasligi ham mumkin. Apendiks yorilishi ogʻir asoratlar: qorin parda ichki qavatining keng, tarqalgan, ogʻriqli yalligʻlanishi va sepsisga olib kelishi mumkin[11].
Appenditsit | |
---|---|
Sinonimlari | Epitiflit[1].Epitiflit[2] |
Mutaxassislik | Umumiy jarrohlik |
Alomatlar | Qorinda ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish, ishtahaning pasayishi[3]. |
Tashxis usullari | Simptomlarga asoslanib, qon, siydik tahlili va qoʻshimcha instrumental tekshiruvlar[4][5]. |
Differensial tashxis | Xoletsistit, pankreatit, gastroenterit, buyrak sanchig`i, oshqozon yarasining teshilishi[6]. |
Davolash |
Appendektomiya (appendiksni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash) Istisno: Infiltrativ Appenditsitda konservativ davo qilinadi[7][8]. |
Uchrash tezligi | 11.6 million (2015)[9] |
Oʻlim holati | 50, 100 (2015)[10] |
Appenditsit appendiks ichki boʻshligʻining tiqilib qolishi natijasida yuzaga keladi[12][7]. Virusli infeksiya, parazitlar, oʻt toshlari va oʻsmalar tufayli yoki yalligʻlangan limfoid toʻqimalar tufayli kelib chiqishi mumkin[13]. Ushbu tiqilib qolish appendiksdagi bosimning oshishiga, toʻqimalarida qon oqimining pasayishiga va yalligʻlanishni keltirib chiqaradigan appendiks ichidagi bakteriyalarning koʻpayishiga olib keladi[7][14]. Agar bu jarayon davolanmasa, appendiks yorilib, qorin boʻshligʻiga bakteriyalar chiqib ketishi mumkin va bu jarayon asoratlarning kuchayishiga olib keladi[15][16].
Appenditsit tashxisi asosan bemorlardagi klinik belgilarga qarab qoʻyiladi[17]. Bundan tashqari, bemorlarni aktiv kuzatish, obyektiv, laboratoriya va instrumental tekshiruvlarni oʻtkazish ham yaxshi samara beradi[4]. Instrumental tekshiruvlardan appenditsit kasalligida keng qoʻllaniladiganlari ultratovush va kompyuter tomografiyasidir (KT)[4]. Oʻtkir appenditsitni aniqlashda kompyuter tomografiyasi ultratovushga qaraganda aniqroq ekanligi isbotlangan[18]. Lekin, bolalar va homilador ayollarda koʻproq ultratovush tekshiruvi qoʻllaniladi. Chunki kompyuter tomografiyasining radiatsiya nurlari ona va bola organizmiga salbiy taʼsir oʻtkazishi mumkin[4].
Oʻtkir appenditsit uchun standart davolash usuli yalligʻlangan appendiksni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlashdir[7][19]. Bu operatsiya qorin boʻshligʻida ochiq kesma (laparotomiya) orqali yoki laparoskopiya yordamida bir nechta kichikroq kesmalar orqali amalga oshirilishi mumkin. Antibiotiklar perforatsiyaga uchramagan appenditsitning ayrim holatlarida samarali boʻlishi mumkin[20][21]. 2015-yilda 11,6 millionga yaqin appenditsit holati qayd etilib, bu kasallikdan 50, 100 ga yaqin bemor oʻlgan[9][10]. Amerika Qoʻshma Shtatlarida har yili appenditsit bilan ogʻrigan 300 000 dan ortiq bemorda appendektomiya amaliyoti bajariladi[22].
Appenditsit kasalligi nafaqat odamlarda, balki appendiks oʻsimtasi mavjud boʻlgan hayvonlarda ham uchrashi mumkin. Appendiks oʻsimtasi bor hayvonlarga quyonlar, gvineya choʻchqasi, maymunlar va otlar misol boʻla oladi. Lekin otlarning appendiks oʻsimtasi juda katta boʻlib, koʻr ichak bilan orasidagi chegara yaxshi ifodalanmagan boʻladi. Bundan tashqari otlarning ichaklarida yalligʻlanish jarayonlari boshlansa appendiks bilan birga koʻr ichak ham yalligʻlanadi. Shu sababli veterinariya sohasida otlarga appenditsit tashxisi qoʻllanilmaydi. Umuman olganda hayvonlarda appenditsit kasalligi mavjud boʻlgan taqdirda ham, bunday tashxis qoʻyish juda qiyin[23].