Abdulmajid II
From Wikipedia, the free encyclopedia
Abdulmajid II (usmonli turkcha: عبد المجید ثانى turkcha: II. Abdülmecid), shuningdek Abdulmajid afandi (turkcha: Abdülmecid Efendi[2]; 1868-yil 29-may, Istanbul — 1944-yil 23-avgust, Parij) — Usmoniylar sulolasining oxirgi xalifasi (1922—1924), Usmoniylar imperiyasi tarixida bir vaqtning oʻzida sulton unvoniga ega boʻlmagan yagona xalifa.
Abdulmajid II | |
---|---|
Usmoniylar imperiyasi xalifasi | |
Mansab davri 1922-yil 18-noyabrdan – 1924-yil 3-martgacha | |
Oʻtmishdoshi | Mehmed VI |
Vorisi | lavozim bekor qilingan |
Usmoniylar xonadoni boshligʻi | |
Mansab davri 1926-yil 16-maydan – 1944-yil 23-avgustgacha | |
Oʻtmishdoshi | Mehmed VI |
Vorisi | Ahmed Nihad Efendi |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
30-may 1868-yil[1] Istanbul, Usmoniylar imperiyasi |
Vafoti |
23-avgust 1944-yil(1944-08-23) (76 yoshda) Parij, Fransiya |
Turmush oʻrtogʻi |
Şehsuvar Kadınefendi Hayrünissa Kadın Mihrimah Bihruz Kadın Mehisti Kadınefendi |
Bolalari |
Ömer Faruk Efendi Dürrüşehvar Sultan |
Onasi | Hayranıdil Kadınefendi |
Otasi | Abdulaziz I |
Dini | Islom, sunniylik mazhabida |
Dafn etilgan joyi | Baqi’, Madina, Saudiya Arabistoni |
Sulton Abdulazizning toʻrtinchi oʻgʻli Abdulmajid Usmonli taxtini egallash uchun juda kam imkoniyatga ega edi. 1876-yilda Murod V agʻdarilgandan soʻng, u vorislik qatorida sakkizinchi oʻrinni egalladi. 1912-yilda mustaqil davlat tuzish umidida boʻlgan albanlarning taklifiga koʻra, Abdulmajid yangi davlatning boshligʻi boʻlishi kerak edi. Barcha shahzodalar ichida uning tarbiyasi va maʼlumoti eng yevropalashganligi eʼtirof qilingan. Italiya bu taklifga qarshi boʻldi[⇨].
1916-yilga kelib, Abdulmajid uchta amakivachchasining hukmronligini koʻrdi, Mehmed VI hukmronligida taxt vorisi boʻldi[⇨]. 1922-yil 1-noyabrda Anqaradagi Turkiya Buyuk Millat Majlisi sultonlik va xalifalikni boʻlib, sultonlikni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. 19-noyabrda Millat Majlisi Abdulmajidni axloqiy nuqtai nazardan sulolaning eng munosib vakili deb eʼlon qildi. 1923-yil 29-oktyabrda Usmoniylar davlati rasman tugatildi[ru] va Turkiya Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. 1924-yil 3-martda 431-sonli qonun chiqarildi. Unga koʻra Usmoniylar sulolasining barcha aʼzolari mamlakatdan chiqarib yuborildi. Oʻsha kuni kechqurun Abdulmajid oilasi va xizmatkorlari bilan Shveytsariyaga joʻnab ketdi[⇨].
Shveytsariyadagi hayot Abdulmajid uchun juda qimmatga tushdi va Londonga koʻchib oʻtishga qaror qildi. Londonda yashashi uchun Mir Usmon Ali Xon[ru] tomonidan ijara puli toʻlangan edi. Sobiq xalifa siyosatga qiziqishini yoʻqotib, oʻzining sevimli mashgʻulotlariga: rasm chizish va musiqa yozishga shoʻngʻib ketgan. 1931-yilda qizining toʻyidan keyin Abdulmajid Parijga joʻnadi va u yerda 76 yoshida vafot etdi[⇨].