Toʻrtinchi fitna
From Wikipedia, the free encyclopedia
Toʻrtinchi fitna yoki Buyuk Abbosiy fuqarolar urushi[1] Abbosiylar xalifaligi taxtini egallash uchun aka-uka Amin va Maʼmun oʻrtasidagi ziddiyat natijasida yuzaga kelgan. Ularning otasi xalifa Horun ar-Rashid Aminni birinchi merosxoʻr etib tayinlagan. Maʼmun esa ikkinchi merosxoʻr boʻlib, qoʻshimcha ravishda Xuroson noibligiga tayinlangan. Keyinroq uchinchi oʻgʻil Qosim uchinchi merosxoʻr deb eʼlon qilingan. 809-yilda Horun vafot etgach, Bagʻdoddagi xalifalik taxtini Amin egalladi. Hukmron mavqeidan ruhlangan Amin Xurosonning avtonom maqomini buzishga harakat qila boshladi. Qosim tezda merosxoʻrlikdan chetlashtirildi. Bunga javoban Maʼmun Xurosonning viloyat elitalaridan yordam soʻrab, oʻz muxtoriyatini taʼminlashga harakat qildi. Ikki aka-uka oʻrtasidagi kelishmovchilik kuchayib borgach, Amin oʻz oʻgʻli Musoni merosxoʻr deb eʼlon qilib, katta qoʻshin toʻpladi. 811-yilda Amin qoʻshinlari Xurosonga qarshi yurish boshladi. Maʼmun sarkardasi Tohir ibn Husayn Ray jangida ularni magʻlub etib, Iroqqa bostirib kiradi va Bagʻdodni qamal qiladi. Bir yildan keyin shahar egallanib, Amin qatl qilindi va Maʼmun xalifa boʻldi.
Toʻrtinchi fitna | ||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Maʼmunning Amin ustidan gʻalabasi. Nigoriston qoʻlyozmasidan. Eron, ehtimol Sheroz. 1573—1574-yillar | ||||||||
| ||||||||
Raqiblar | ||||||||
Al-Amin kuchlari | Maʼmun kuchlari | Mahalliy hukmdorlar va isyon yetakchilari | ||||||
Qoʻmondonlar | ||||||||
|
|
|
Maʼmun poytaxtga kelishdan koʻra, Xurosonda qolishni afzal koʻrdi. Bu holat xalifalik viloyatlarida fuqarolar urushi sabab paydo boʻlgan hokimiyat boʻshligʻining kuchayishiga imkon berdi. Jazira, Suriya va Misrda bir qancha mahalliy hukmdorlar paydo boʻldi. Bundan tashqari, Kufada Abul Sarayodan boshlanib, janubiy Iroq, Hijoz va Yamanga qadar tarqalgan bir qator Alilar qoʻzgʻolonlari sodir boʻldi. Maʼmunning qudratli bosh vaziri Fadl ibn Sahl amalga oshirgan Xurosoniyparastlik siyosati va Maʼmunning Ali ar-Rizo timsolida Alilar vorisligini qoʻllab-quvvatlashi oʻzlarini borgan sari marginallashayotganday his qilgan anʼanaviy Bagʻdod elitasini xalifadan uzoqlashtirdi. Binobarin, Maʼmunning amakisi Ibrohim 817-yilda Bagʻdodda parallel ravishda xalifa deb eʼlon qilinishi vaziyatga Maʼmunning shaxsan aralashuvini taqozo qildi. Fazl ibn Sahl oʻldirildi. Maʼmun Xurosondan Bagʻdodga joʻnab ketib, 819-yilda shaharga kirdi. Keyingi yillarda Maʼmun hokimiyatining mustahkamlanishi va gʻarbiy viloyatlardagi mahalliy qoʻzgʻolonchilarga qarshi kurashlar kuzatilib, bu jarayon 827-yilda Misr tinchlantirilgunga qadar yakunlanmadi. Baʼzi mahalliy qoʻzgʻolonlar, masalan, Xurramiylar, 830-yillarga qadar davom etdi.
Tarixchilar ziddiyatni turlicha talqin qilishgan. Eronshunos Elton L. Danielning soʻzlariga koʻra, urush „juda layoqatsiz, qoʻpol Amin va uning zukko, iqtidorli ukasi Maʼmun oʻrtasidagi vorislik toʻqnashuvi, haram fitnalarining mahsuli; vazirlar Fadl ibn Rabiy va Fadl ibn Sahl oʻrtasidagi shaxsiy raqobatning kengayishi yoki arablar va forslar oʻrtasidagi hukumatni nazorat qilish uchun kurash mahsuli“ boʻlishi mumkin[2].