Tasviriy sanʼat
From Wikipedia, the free encyclopedia
Tasviriy sanʼat — rang-tasvir, haykaltaroshlik, grafikani birlashtirgan nafis sanʼat turi; voqelikni uning osongina ilgʻab olinadigan fazoviy shakllarda koʻrgazmali obrazlarda aks ettiradi. Tasviriy sanʼat turlari oʻz xususiyatlariga qarab real borlikni obyektiv mavjud sifatlari — hajm, rang, fazo, shuningdek, predmetning moddiy shakli va nurhavo muhiti, harakat va oʻzgarishlari hissini yaratadi, bunda tasvirning hissiy konkretliligidan illyuzionizmga oʻtish mumkin. Tasviriy sanʼat faqat koʻrish mumkin boʻlgan narsalarnigina tasvirlab qolmay, balki asarlarida hodisalarning vaqtinchalik rivoji, uning u yoki bu qismi (fabula), erkin hikoyanavislik, dinamik harakatlarni ham aks ettirib, dunyoni gʻoyaviy oʻzlashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Tasviriy sanʼat insonning ruhiy qiyofasini, uning oʻzgalar bilan oʻzaro munosabatlarini, tasviriy holatning psixologik va emotsional mazmunini ham yoritadi. Baʼzan mavjud boʻlmagan, rassom tasavvurining mahsuli boʻlgan obrazlarni ham yuzaga keltiradi. Insoniyat tarixidagi turli davrlarni aks ettiradi. Davrning faqat hissiy holatigina emas, balki uning gʻoyaviy mohiyati, siyosiy, falsafiy, estetik va etik gʻoyalari ham tasviriy sanʼatning mazmuniga aylanadi. Tasviriy sanʼat obrazlarining koʻrgazmaliligi rassomga hayotning muayyan hodisasiga oʻz munosabatini yuksak darajada ifodalashiga imkon beradi; shu tufayli hayotni bilishning faol shakli sifatida jamiyatning ijtimoiy hayotida, maʼlum tizimning ommaviy ongini qaror topishida muhim rol oʻynaydi. Olamni bilishning shakllaridan biri sifatida ijtimoiy ongni shakllantiradi hamda xalq orzu-umidlarini ifodalash shakli sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy sharoitda umumgʻoyaviy kurashlarning bir boʻlagi sifatida namoyon boʻladi.
Insoniyatning mehnat faoliyati, eʼtiqodlari, diniy qarashlari zaminida tasviriy sanʼat paydo boʻlgan va rivojlangan. Qadimgi tosh asrining ilk bosqichidayoq inson oʻz ehtiyoji uchun zarur boʻlgan buyumlarni yaratish, libos, turar joylar tayyorlash jarayonida qulaylik, maqsadga muvofiqlik tushunchalari rivojlanib, ritm, simmetriya hissi ortdi. Marhumlar bilan vidolashuv, dafn marosimlarida marxumlar qabriga turli buyumlar qoʻyish odatlarida tasviriy sanʼatning fazoviy fikr yuritish, fazoviylik, kenglik, olam tushuncha va tasavvurlari shakllanib bordi. Tosh, suyak, keyinchalik sopoldan ishlangan turli shakl va haykallarda, qoyatoshlarga, gʻor devorlariga chizilgan, rangda ishlangan rasmlarda ibtidoiy insonning mehnat faoliyati, dunyo, borliq haqidagi oʻy-xayollari, oʻzga dunyo toʻgʻrisidagi tasavvurlari mujassamlashgan (qarang Ibtidoiy sanʼat).
Ijtimoiy jamoa tuzumining inqirozi hamda mehnat taqsimotining yuzaga kelishi, aqliy mehnat jismoniy mehnatdan ajralishi tasviriy sanʼat rivojida muhim oʻrinni egallaydi. Tasviriy sanʼat inson faoliyatining maʼlum sohasiga aylanib davr ruhiyati, uning siyosiy, maʼnaviy va nihoyat estetik qarashlarini aks ettiruvchi manbaga aylandi. Qadimgi Sharq mamlakatlarida, jumladan Qadimgi Misrda tasviriy sanʼat insonning dunyo, borliq toʻgʻrisidagi tushuncha va tasavvurlarini, xudolar darajasiga koʻtarilgan firʼavnlarni ulugʻlash quroliga aylandi. Yunonistonda tasviriy sanʼat jamiyatning erkin fuqarosiga qaratilgan va antik mifologiyaning gʻoyalarini plastik moddiylashtirilgan koʻrinishida kamol topdi, Qadimgi Rim realizmida murakkab inson jismi namoyon boʻldi.
Insoniyat sivilizatsiyasining muhim oʻchoqlaridan hisoblangan Oʻrta Osiyo, uning ajralmas qismi Oʻzbekiston hududida ham tasviriy sanʼat ijtimoiy hayotda muhim oʻrin egallab, davr hamda inson tafakkuridagi nozik oʻzgarishlarni oʻzida aks ettiradi. Zarautsoy rasmlari, Xorazm, Sugʻd, Baqtriya mahobatli haykal va rangtasvirlari shuning dalilidir.
O‘rta asrlar tasviriy sanʼati uslub jihatidan rang-barang, turlari keng va xilma-xil, bu davrda mahobatli haykaltaroshlikning nodir namunalari yuzaga keldi. Hindiston, Indoneziya, HindiXitoy o‘lkalarida betakror haykaltaroshlik asarlari yaratildi. O‘rta Sharq mamlakatlarida miniatyuraning o‘ziga xos turi yaratilgan bo‘lsa, O‘rta asr Yevropa madaniyatida haykaltaroshlik va rassomlik diniy eʼtiqod va dunyoqarashlar zaminida o‘ziga xos yo‘nalish va mazmun kashf etdi, ikona sanʼati ravnaq topdi. Roman uslubi va gotika barpo etilgan meʼmoriy obidalarda sanʼatlar sintezining ajoyib namunalari yaratildi.