Ayollarga nisbatan zoʻravonlik
ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlik harakatlari / From Wikipedia, the free encyclopedia
Ayollarga nisbatan zoʻravonlik (en:VAW, inglizcha: Violence against women), shuningdek, genderga asoslangan zoʻravonlik[1][2], jinsiy va jinsga asoslangan zoʻravonlik (inglizcha: sexual and gender-based violence, SGBV)[2] nomlari bilan ataluvchi, asosan, xotin-qizlarga nisbatan qilinajak zoʻravonlik harakatlari majmuidir. Ushbu toʻplamga kiruvchi jinoyatlar, ayollar va qizlarga, ularning jinsi uchun sodir etiladigan nafrat jinoyati[3] boʻlib, ushbu holat turli shakllarda namoyon boʻladi.
Ayollarga nisbatan zoʻravonlik (qisqartma sifatida: ANZ) holatlari juda uzoq tarixga ega. Bunday zoʻravonlik hodisalari va ularning intensivligi vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib borgan hamda bugungi kunda ham jamiyatlar orasida farqlanadi. Ushbu holatlarga, koʻpincha, jamiyatda yoki shaxslararo munosabatlarda ayollarni boʻysundirish mexanizmi sifatida qaraladi. Bu kabi jinoyatlar huquqbuzarlik, ustunlik, misoginiya yoki shunga oʻxshash munosabatlarda jinoyatchining ayollarga nisbatan zoʻravon tabiatini yuzaga keltirishi mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning „Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish to‘g‘risidagi deklaratsiyasi“da "ayollarga nisbatan zoʻravonlik — erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tarixan teng boʻlmagan kuch munosabatlarining koʻrinishi" va "ayollarni erkaklar bilan solishtirganda boʻysunuvchi mavqeʼga majburlashning muhim ijtimoiy mexanizmlaridan biri.", deya taʼkidlangan[4].
BMTning sobiq Bosh kotibi Kofi Annan tashkilotning Ayollar uchun Taraqqiyot Jamgʻarmasi (UNIFEM) vebsaytida eʼlon qilingan 2006-yilgi hisobotida shunday deydi:
Ayollar va qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlari pandemiya darajasidagi muammodir. Dunyo boʻylab har uch ayoldan kamida bittasi hayoti davomida kaltaklanish, jinsiy aloqaga majburlanish yoki boshqa yoʻl bilan zoʻravonlikka duchor boʻlish holatlaridan aziyat chekkan[5].